TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga qardoshlik birdamligi va Qozog‘istonning bir qator mintaqalarida toshqinlar bilan bog‘liq yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Prezidentlar Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi. Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy darajadagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi", — deya xabar berdi Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev qardosh Qozog‘iston yetakchisi va xalqiga ushbu mamlakat hududidagi keng miqyosli toshqinlar natijasida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.
"Bunday tabiiy ofatlar keyingi paytlarda mintaqamizda kuzatilayotgan iqlimning salbiy o‘zgarishlari oqibati ekani qayd etildi. Bu borada yaqin amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi", — deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Prezidentlar yaqinda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.