TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Predstavleni proyekti stroitelstva
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Hozirgi kunda aeroportdagi uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 ming 200 kishidan 2 ming 400 nafarga yetadi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetadi.
Aytilishicha, Urganchdagi Al-Xorazmiy shaharchasida ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.
Predstavleni proyekti stroitelstva
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Loyihaga ko‘ra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo‘ladi, 4 ming talaba ta’lim oladi. Universitet qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham bo‘ladi. Shu tariqa, bu yerda o‘qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim klasteri yaratiladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston respublikasi Beruniy tumani markazida Abu Rayhon Beruniy muzey tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli bo‘lib, eng ilg‘or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniyning muazzam haykali o‘rnatiladi.