Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifidan nimalar kutilmoqda?

Dushanbeda oliy darajadagi muzokaralar, qator ikki tomonlama uchrashuv va qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 18-19 aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrif dasturiga muvofiq, Dushanbe shahrida oliy darajadagi muzokaralar, qator ikki tomonlama uchrashuv va qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni, madaniy-gumanitar va turizm almashinuvlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishadi.
“Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yetakchisi Tojikistonga oxirgi marta o‘tgan yilning sentabr oyida tashrif buyurgan edi. U Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlarining maslahat uchrashuvida ishtirok egan.