TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Bahor oftobi inson tanasi uchun qanchalik yoqimli va huzurbaxsh tuyulmasin, mutaxassislar bu mavsumda quyosh tig‘i ostida uzoq qolmaslikni tavsiya etadi. Ayniqsa, allergiyaga moyil kishilar ushbu faslda yanada ehtiyotkor bo‘lishlari lozim, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bunga quyidagicha izoh berdi.
“Bahorda quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi oshishi kuzatiladi. Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, to 16:00 gacha yuqori faolligini saqlab turadi”, - deydi mutaxassis.
Xuddi shunday sharoitda terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatoz kasalligi yuzaga keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozir bu xastalik dunyo aholisining taxminan 20 foizida uchraydi.
Ta’kidlanishicha, aslida, quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi. Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
Oqibatda bo‘yin, qo‘l sohalari va ko‘krakning yuqori qismida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar ham kuzatiladi.
Toshmalar oftob ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to hafta davomigacha hosil bo‘ladi. Ko‘pincha fotodermatoz belgilari muolajalardan so‘ng yo‘qolib ketadi. Ammo bu holat insonni umr bo‘yi ta’qib qilishi ehtimoli ham mavjud.
“Ayni sababdan bahorning oftobli kunlarida soat 11:00 dan 16:00 gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug‘ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko‘zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyishni tavsiya etamiz”, - deyiladi xabarda.
Sezuvchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Lekin ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatni qo‘llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Qayd etilishicha, atopik dermatitni davolashda qo‘llaniladigan Elidel yoki Protopik surtmalaridan foydalanayotgan bemorlarga quyoshda yurish taqiqlanadi. Yoki bu vositalarni tushdan so‘ng oqshomga qadar ishlatgan ma’qul.
Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrabinafsha nurlarini kuchli tortib olish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlar issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishlari mumkin emas.
Agar bemorlarda ultrabinafsha nurlanish ta’sirida fotodermatoz belgilari paydo bo‘lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishlari mumkinligi qayd etildi.