Eron Isroilga qarshi operatsiya yakunlanganini ma’lum qildi

Biz bu operatsiyani to‘liq natijaga olib keldi, deb hisoblaymiz va bizning nuqtayi nazarimiz bo‘yicha bu operatsiya yakunlandi, deydi Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari.
Sputnik
TOShKENT, 14 apr – Sputnik. Tehron Isroilga qarshi “Haq va’da” operatsiyasini yakunladi va uni davom ettirish niyatida emas, dedi Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Muhammad Bagiriy Tasnim agentligiga.
“Biz bu operatsiyani to‘liq natijaga olib keldi, deb hisoblaymiz va bizning nuqtayi nazarimiz bo‘yicha bu operatsiya yakunlandi va biz uni davom ettirishni rejalashtirmayapmiz, biroq, agar Isroil Islom Respublikasiga qarshi biror chora ko‘rsa – xoh bizning hududimizda bo‘lsin, xoh Suriyadagi yoki boshqa biror joydagi bizga tegishli markazlardabo‘lsin, bizning keyingi operatsiyamiz bundan ancha katta bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Eron shanba oqshomida Isroilga hujum qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 185 ta dron, 36 ta qanotli raketalar va 110 ta “yer-yer” sinfidagi raketalar uchirilgan. Aytilishicha, Isroil snaradlarning aksariyat qismini o‘z hududidan tashqarida urib tushirgan. Hujumni qaytarishda Amerika va Britaniya qo‘shinlari ishtirok etdi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil tomonidan “bosib olingan” hududlardagi muhim harbiy nishonlarni yo‘q qilganini ma’lum qildi. Eronning BMTdagi missiyasi tashkilot Nizomining o‘zini-o‘zi mudofaa qilish huquqi haqidagi 51-moddasiga asoslanib, hujum diplomatik obyektlarga qarshi tajovuzga javob ekanligini aytdi.
G‘arb davlatlari operatsiyani qoraladi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish vaziyatni yumshatishga chaqirdi. Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashgani munosabati bilan Butunjahon tashkiloti Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishi yakshanba kuni Moskva vaqti bilan 23:00 ga belgilangan.
O‘z navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Tel-Aviv Tehron hujumini qaytarganini, shuningdek, “birgalikda g‘alaba qozonish”ga va’da berganini ta’kidladi. Mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galantning qo‘shimcha qilishicha, kampaniya hali tugamagan.
Isroil harbiy-havo kuchlari 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligi binosiga zarba berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korpusning yetti nafar ofitseri, jumladan, ikki yuqori martabali bosh maslahatchi halok bo‘lgan.
Eron Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi