Transportning stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirish cheklanadi — yangi qaror

Avtomobilnie dorogi Tashkenta
Transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Endi avtomobillarga ekologik toifalariga qarab “yashil“, “sariq” va “qizil” stikerlari bepul beriladi. Bu haqda Vazilar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 166-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 1-iyundan boshlab “Ekologik transport" tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Unga ko‘ra, barcha toifalardagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligi nazorat qilinadi.
“Diagnostik tekshiruv natijalariga asosan transport vositalariga qalbakilashtirishdan himoyalangan va elektron belgiga ega stikerlar beriladi. Shunga ko‘ra, transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga bo‘linadi”, — deyiladi hujjat matnida.
Diagnostik tekshiruvlar va stikerlar berish bepul amalga oshiriladi.

Hududlar 2030-yilgacha bosqichma-bosqich ekologik zonalarga ajratiladi

Hujjatga ko‘ra, "Ekologik transport" tizimi doirasida hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida "yashil", "sariq" va "qizil" ranglar bilan belgilanadigan "toza", "o‘rta" va "zararli" ekologik zonalarga ajratib boriladi.
“Ekologik transport” tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:
birinchi bosqichda (2024–2026-yillarda) – Toshkent shahrida;
ikkinchi bosqichda (2026–2028-yillarda) – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish va dam olish maskani va boshqalar);
uchinchi bosqichda (2028–2030-yillarda) – boshqa barcha hududlarda.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash choralari ko‘riladi.
Ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.
“Jarima mablag‘lari esa mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltiriladi”, — deyilgan hujjatda.

Elektromobil va yangi mashina egalariga yashil stiker pochta orqali yuboriladi

Shu yilning 1-iyunidan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va natijalari bo‘yicha ekologik stikerlar berish Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmaydi.
Bunda ekologik stikerlarga ega bo‘lmagan transport vositalari ekologik stikerlar berish tartibotlaridan quyidagi muddatlarda o‘tkazilishi zarur:
2027 yil 1-yanvarga qadar – Toshkent shahrida;
2029 yil 1-yanvarga qadar – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda ekologik zonalarga ajratilgan alohida ekologik zonalarda;
2031 yil 1-yanvarga qadar – boshqa barcha hududlarda.
Elektromobil va elektromotosikllar hamda ishlab chiqarilganiga 3-yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalariga ularning egalari tomonidan onlayn axborot tizimlari orqali yuborilgan murojaatlar asosida real vaqt rejimida “yashil” ekologik toifasiga mansub ekologik stikerlar mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmasdan diagnostik tekshiruvisiz beriladi va pochta orqali yuboriladi.
Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.

Elektromobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyoz beriladi

Shu yilning 1-aprelidan boshlab avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda undiriladigan to‘lov stavkalari — elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov belgilanmoqda.
Elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalaridan boshqa barcha avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun esa – bazaviy hisoblash miqdorining 6,84 baravari miqdorida to‘lov belgilanmoqda.
Toshkentda avtotransportni diagnostika qilish bo‘yicha zamonaviy markaz ishga tushdi