Tatariston va Surxondaryo viloyati hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi

Rustam Minnixanov Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Tatariston va Surxondaryo o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiquvchi bayonnoma imzolandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Tatariston raisi Rustam Minnixanov O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashdi.
Unda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, neftni qayta ishlash, transport va logistika, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, innovatsion texnologiyalar hamda chorvachilikni rivojlantirish sohalarida hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Qayd etilishicha, kelgusida hamkorlik aloqalarini madaniy sohalarda ham rivojlantirish maqsadida madaniyat kunlarini tashkil etish, o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida ikki hudud delegatsiyalarining tashriflarini uyushtirishga kelishib olindi.

"Tatariston va Surxondaryo o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuv yakunlari yuzasidan ikki hudud rahbarlari tomonidan bayonnoma imzolandi", — deyiladi hokimlik xabarida.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil oxirida Tatariston-O‘zbekiston savdo aylanmasi 27 foizga oshib, 370 million dollarni tashkil qildi. Tataristonning qator yetakchi korxonalari o‘zbekistonliklar bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Rustam Minnixanov Tatariston sarmoya uchun ochiq va xorijiy kompaniyalar uchun Rossiya bozoriga kirish nuqtasi ekanligini ta’kidladi.
Tomonlar Tatariston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini yetkazib berish va "Ayritom" erkin savdo zonasi imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham to‘xtaldi.
Rustam Minnixanov topshirig‘iga ko‘ra, yaqin haftalarda mazkur soha salohiyatini o‘rganish uchun korxonalar delegatsiyasi tuziladi va uning natijalariga ko‘ra “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.

“Surxondaryo viloyatida bugungi kunda 7 ming tatar istiqomat qiladi. Rustam Minnixanov tatar jamiyatining qo‘llab-quvvatlangani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi”, – deyiladi Tatariston hukumati xabarida.

“Ushbu uchrashuv munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman. Biz hamkorlikning har qanday variantini ko‘rib chiqishga tayyormiz, – dedi Ulug‘bek Qosimov.
O‘zbekiston va Tatariston: hamkorlik raqamlarda