TOShKENT, 23 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotqildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Muloqotda Mirziyoyev Putinga va do‘st Rossiya xalqiga Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll" konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Mirziyoyev O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi nomidan vafot etganlarning oila a’zolariga bardamlik, jarohatlanganlarga tez fursatda shifo topishlarini tiladi. Begunoh insonlarga qarshi qaratilgan ushbu jinoyat yana bir bor qat’iy qoralandi.
Rossiya yetakchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston prezidentiga ushbu og‘ir damda bildirilgan dalda so‘zlari va zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlar xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga tahdid bo‘lgan ushbu yovuz kuchga kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.
Juma kuni kechqurun Krasnogorskdagi "Krokus Siti Xoll"da otishma va yong‘in sodir bo‘ldi. Bu vaqtda u yerda “Piknik” guruhining konserti bo‘lishi kerak edi. Voqea guvohi bo‘lgan RIA Novosti muxbirining aytishicha, kamida uch kishi kamuflyajda va niqobsiz zalga parter orqali kirib kelgan. Jinoyatchilar odamlarni aniq masofadan otib o‘qqa tutgan, shuningdek, yondiruvchi shashkalar ham tashlagan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 93 kishi halok bo‘lgan. Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligi 37 nafar qurbonlar ro‘yxatini e’lon qildi. Yuzdan ortiq jarohatlanganlar ma’lum, uch bola halok bo‘lgan.