Rossiya prezidenti saylovi — 2024-yil

Putinning saylovdagi g‘alabasi O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlaydi — ekspert

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston va Rossiya ko‘plab sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishda davom etadi, respublika iqtisodiyotiga Rossiya sarmoyasi yanada ko‘payadi.
Sputnik
TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Rossiyada yakuniga etgan saylovlarda Vladimir Putin 87 foizdan ortiq ovoz to‘plab, ishonchli g‘alabaga erishdi. Nafaqat Rossiya shaharlarida, balki butun dunyo bo‘ylab saylov uchastkalarida ham saylovchilarning uzun navbatlari paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonda 4661 nafar Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Toshkent va Samarqanddagi saylov uchastkalarida ovoz berdi, deb xabar qildi Rossiya diplomatik missiyasi. Mutaxassislar Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar qanday rivojlanishi va prezidentlik saylovidagi bu g‘alaba O‘zbekiston uchun nimani anglatishini aytib berdi.

Ishonch referendumi

“Man’o” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalari tarixiy rekorddir. Rossiyada siyosiy amaliyotda amaldagi prezidentga ovoz beradigan bunday ko‘p saylovchi bo‘lmagan, deydi ekspert. Ayni paytda, Baxtiyor Ergashevga ko‘ra, saylovchilar nafaqat prezidentga ovoz bergan.
“Bu ko‘proq amaldagi hukumat va amaldagi prezidentga ishonch referendumi edi. Rossiyalik saylovchilarning ko‘pchiligi uning yo‘nalishini, shuningdek, uning jamoasini qo‘llab-quvvatladi. Bu prezident va uning jamoasiga bildirilgan jiddiy ishonchdir. Saylovchilarning mutlaq ko‘pchiligi bu yo‘nalishni va uning nima qilishini qo‘llab-quvvatladi. Bunga mamlakat ichidagi iqtisodiy siyosat ham, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya bilan bog‘liq barcha narsalar ham kiradi”, — deydi siyosatshunos.
Siyosatshunos va mustaqil ekspert Baxtiyor Alimjonov ham xuddi shunday fikrda. Uning fikricha, Vladimir Putinning saylovlarda qo‘llab-quvvatlanishi, birinchi navbatda, prezidentning ijtimoiy siyosati (xususan, ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash) bilan bog‘liq, tashqi siyosatda esa Rossiya rahbari global janubning intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi va xalqaro munosabatlarning yangi arxitekturasini faol ravishda himoya qiladi.

“Ko‘p qutbli dunyo va ijtimoiy adolat Putinning global dunyodagi asosiy g‘oyalari. Ular Rossiya Federatsiyasi xalqi bilan rezonans uyg‘otdi va shunga mos ravishda prezidentlik saylovlarida g‘alabani ta’minladi”, — deya qo‘shimcha qiladi Alimjonov.

Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish

Bundan tashqari, ekspertlar Putinning joriy saylovdagi g‘alabasi O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlaydi, degan fikrda.

“Saylovlar natijasida prezident Putin hozirgi siyosatini davom ettiradi va bu O‘zbekiston uchun foydalidir. Ishonchim komilki, bizni oldinda yangi yirik loyihalar, shuningdek, Rossiya bilan ko‘plab sohalarda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish kutmoqda”, — dedi Ergashev.

Siyosatshunosga ko‘ra, saylov natijalari Rossiya bundan keyin ham asosiy savdo-iqtisodiy sheriklardan biri bo‘lib qolishiga jiddiy umid beradi. O‘z navbatida, Rossiya bozori o‘zbek tovarlari uchun ochiq bo‘ladi va Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritishda davom etadi.

“Bu hamkorlikni rivojlantirish uchun juda jiddiy poydevor, – deydi Ergashev saylov yakunlarini sarhisob qilar ekan.

Siyosatshunos va mustaqil ekspert Baxtiyor Alimjonov fikricha, Putinning yangi prezidentlik muddati o‘rnatilgan aloqa va munosabatlarni mustahkamlaydi va O‘zbekiston tomonidan uzoq muddatda qabul qilinadi.
“2018 yilda Toshkentda Putin va Mirziyoyev tomonidan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan barcha loyihalar amalga oshiriladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘payadi, sayyohlar oqimi va madaniy almashinuv ortadi”, — deydi mustaqil ekspert.
Alimjonovning so‘zlariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasining strategik hamkori bo‘lib qoladi va Putinning yangi muddati mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning jadal rivojlanishiga ijobiy hissa qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi Rossiya prezidenti saylovida ovoz berish 3 kun davom etdi: 15, 16 va 17-mart kunlari. Davlat rahbari lavozimiga to‘rt nafar nomzod ro‘yxatga olingan: Leonid Sluskiy (LDPR), Nikolay Xaritonov (KPRF), Vladislav Davankov (Novie lyudi) va Vladimir Putin (mustaqil nomzod).
Rossiya prezidenti saylovi — 2024-yil
Mirziyoyev Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabrikladi