TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti diareya kasalligi bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, xalq orasida ichburug‘ deb ataluvchi kasallik besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi o‘lim holatlarining ikkinchi asosiy omili, deb yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, ushbu xastalik har yili dunyo bo‘yicha 525 ming nafar o‘g‘il-qizning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda. Tahillarga ko‘ra, diareya aksariyat hollarda ifloslangan oziq-ovqat va suv iste’moli oqibatida yuzaga keladi va rivojlanadi.
“Bu boradagi vaziyat, afsuski, hamon xavotirli. Chunki Yer yuzida qariyb 780 million kishi toza ichimlik suvidan, 2,5 milliard odam esa oddiy sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum. Ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda ahvol yomon. Bunday mintaqalarda uch yoshgacha bo‘lgan bolalar yiliga o‘rtacha uch marta o‘tkir diareya bilan og‘rishi hisob-kitob qilingan”, - deyiladi xabarda.
Mutaxassislar ilgari diareya bilan bog‘liq o‘lim holatlariga asosan organizmning suvsizlanishi va suyuqlik yo‘qotishi sabab bo‘ladi, degan fikrda bo‘lgan. Endi esa xulosalar o‘zgargan. Ayni paytda diareya bilan bog‘liq o‘lim holatlari ortishida septik bakterial infeksiyalarning ulushi yuqori. Shu tufayli ichburug‘ning tarqalish statistikasi rivojlangan davlatlarda ham oshgan.
Kasallik paytida organizmga tushgan ba’zi bakteriyalardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi.
Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ichning suyuq yoki qon aralash ketishi, tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rishi, dam bo‘lishi kabi simptomlar shular jumlasidan.
Agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u ichaklarning buralib qolishi, parez, ya’ni falajlik, infeksion-toksik shok, neyrotoksikoz kabi og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
JSST o‘z hisobotida toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkinligini eslatib o‘tgan.
"Diareyani davolashda og‘iz orqali qabul qilinadigan regidratatsiya tuzlarining ahamiyati katta. Qolaversa, 10-14 kun davomida 20 mg. sink tabletkalari bilan qo‘shimcha muolaja kursi kasallikni yengishda katta samara beradi" — deyiladi hisobotda.