Turkiyalik tadbirkor Samarqandda sayyohlik majmuasini barpo etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari turkiyalik tadbirkor Rashid Xon bilan muzokara o‘tkazishdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Turkiyalik tadbirkor Samarqand viloyatida sayyohlik majmuasini barpo etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari turkiyalik tadbirkor Rashid Xon bilan muzokara o‘tkazishdi. Unda mamlakatga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Tomonlar Samarqand viloyatida sayyohlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish to‘g‘risida kelishib olishdi”, — deyiladi xabarda.
Turk tadbirkoriga O‘zbekistonda xorijiy investor uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish, shuningdek, logistika imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mamlakatda sanoat, transport, energetika, turizm va "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar ham aytib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq misrlik sarmoyador Samarqandda sayyohlik majmuasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgani ma’lum qilingan edi. Sayyohlik majmuasini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Sankt-Peterburg va Samarqand turizm sohasida hamkorlikni kuchaytiradi