TOShKENT, 5 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq bayrami “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanadi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
“2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Bayramni tashkil etishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:
Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish;
Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun dasturxonlar tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, Navro‘z bayrami arafasida respublikaning barcha hududlarida, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Navro‘z umumxalq bayrami O‘zbekistonda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida nishonlangan.