Giyohvandlik vositalarini internetda sotganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Giyohvandlik vositalarini internet jahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshirish, bunday vositalarni tarqatish va reklama qilishning yangi usullaridan foydalanish keskin ortmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Giyohvandlik vositalarini internet orqali sotganlarga javobgarlik kuchaytirilmoqda, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Quyi palataning navbatdagi majlisida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, giyohvandlik vositalarini internet jahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshirish, bunday vositalarni tarqatish va reklama qilishning yangi usullaridan foydalanish keskin ortmoqda.
Shunday usullardan biri “narkograffiti” usuli bo‘lib, bunda noqonuniy tashkil etilgan internet-do‘kon manzili haqida ma’lumot devor va yo‘laklarga chizish orqali tarqatilmoqda. Shuningdek, ularni iste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga yoshlarni, ayniqsa voyaga yetmaganlarni jalb qilish ham ko‘payib bormoqda.
“Qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
O‘zbekistonda yana bir dori giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi
“Hujjat loyihasining qabul qilinishi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni targ‘ib yoki reklama qilinishi yoxud noqonuniy muomalasining barvaqt oldini olishga xizmat qiladi”, — deya qo‘shimcha qilingan matbuot xizmati xabarida.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
O‘zbekistonda qaysi dorilar taqiqlangan — ro‘yxat