O‘zbekiston – Xitoy – Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi o‘tkazildi

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo‘shma korxona tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Sputnik
TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Kecha, 1-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Qashg‘ar shahrida O‘zbekiston – Xitoy – Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Hukumat portalida xabar berildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy burosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, Xitoy va Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi.
Uchrashuvda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida qurilishi rejalashtirilgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasi mintaqani Xitoy bilan bog‘laydigan eng qisqa muqobil yo‘l ekani qayd etildi.
Sostoyalas vstrecha delegatsiy pravitelstv Uzbekistana – Kitaya – Kirgizstana
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasini qurish va undan foydalanish uchun qo‘shma korxona tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekiston tomoni Xitoydan Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududi orqali multimodal transportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
Shuningdek, “Irkeshtom” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini yanada takomillashtirish, qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishga kelishib olindi. Uchrashuvda tomonlar joriy yilda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasini qurish yuzasidan amaliy ishlarni boshlash muhimligini qayd etdi.
Uch tomonlama muzokaralardan so‘ng, delegatsiyalar rahbarlari “Ulug‘chat” bojxona terminali va “Irkeshtom” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Qashg‘ar iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasi” faoliyati bilan yaqindan tanishildi, bir qator yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Aripov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga bordi — batafsil