TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev Qatarning "Elegancia Healthcare" kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Qatar tomoniga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida, xususan aholi salomatligini yaxshilash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ishlarini tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va"Elegancia Healthcare" kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
"Elegancia Healthcare" Qatarning "Power International Holding" kompaniyasi tarkibiga kiradi. Kompaniya 840 ta o‘rinli, 250 ta yuqori malakali doktor va 400 dan ortiq hamshiralarga ega 4 ta yirik ko‘ptarmoqli shifoxonalarga egalik qiladi.