TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Joriy yilning 29-fevral-1 mart kunlari O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Xitoyning Qashg‘ar shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri matbuot kotibi xabar berdi.
Tashrif doirasida 1-mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy burosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona hamda ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuqori darajada rivojlanib borayotgani, bunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
Joriy yilning yanvar oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi. Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
O‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida savdo ko‘rsatgichlari rekord darajaga – qariyb 14 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan juda ko‘p imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuvda Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash, zamonaviy texnologiya, uskunalarni import qilish hamda to‘qimachilik, mis, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilish, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar hamkorlikdagi loyihalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.