Fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi

Prezident soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 fev — Sputnik. Fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
“Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarima quyidagicha miqdorida o‘rnatildi:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi;
huquqbuzarlik moliyaviy jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi.
Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.
Soliq kodeksiga mazkur farmondan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmaydi.