TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Endi O‘zbekistonda yetishtirilgan piyoz Dubay rastalarida sotiladi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Dubayga O‘zbekistonda yetishtirilgan piyozning ilk partiyasi yetib bordi. Sabzavot Toshkent va Buxoro viloyatlarida yetishtirilgan bo‘lib, fitsoanitariya sertifikati asosida yuklangan mahsulotning ilk partiyasi. Mahsulot 48 tonnaga teng.
Yana 2 fura (48 tonna) piyoz fitsoanitariya sertifikati asosida yuklanib, ayni vaqtda yuk mashinalar orqali yetkazilmoqda.
"Buni ulkan megapolisda o‘tkazilgan "Gulfood 2024" ko‘rgazmasining amaliy natijasi deyish mumkin. Butun dunyodan ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari, ishlab chiqaruvchilar uchun xalqaro maydonda yangi hamkorlar, yangi aloqalar o‘rnatish uchun samarali platforma bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, "Gulfood 2024" doirasida 10 dan ortiq shartnomalar imzolanib, mehmonxona biznesi uchun meva-sabzavotlar, dukkakli mahsulotlarni Dubayga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.