TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston Xalqaro fijital sport federatsiyasi bilan memorandum imzolagan birinchi davlat bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.
© Press-slujba NOK Uzbekistana
Qozon shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari xizmat safari davomida qator muzokaralar olib borib, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishishdi. Jumladan, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va O‘zbekiston fijital sport federatsiyasi raisi Oleg Pekos boshchiligidagi mutasaddilar Rossiya Federatsiyasi hukumat rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko hamda Xalqaro fijital sport federatsiyasi prezidenti Rene Fazel bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Dmitriy Chernishenko Rossiyadan so‘ng ikkinchi bo‘lib O‘zbekistonda milliy fijital sport federatsiyasining tashkil etilganini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, Rene Fazel Xalqaro federatsiyaning rejalari va yangi loyihalari xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Oleg Pekos O‘zbekiston tomoni sport olamidagi bunday yangi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun ekani, bir oy ichida federatsiyada ahil jamoa tuzilib, ishlar jadal boshlab yuborilgani haqida gapirdi.
© Press-slujba NOK Uzbekistana
Shundan so‘ng Xalqaro va O‘zbekiston fijital sport federatsiyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston Xalqaro fijital sport federatsiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolagan birinchi davlat bo‘ldi.