TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozonda “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Qozon Ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va boshqa xorijiy mehmonlar ham qatnashdi.
Ishtirokchilar e’tiboriga “Kelajak o‘yinlari” dasturiga kirgan sport turlari haqida videolavha va teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi taqdim etildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Davlatimiz rahbari ishtirokchilarga omad tilab, 2026-yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi", — deyiladi xabarda.
Mehmonlarga virtual makondagi bellashuvlar va an’anaviy sportni o‘zida mujassam etgan “fijital-sport” konsepsiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyevning Qozon shahriga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Oliy martabali mehmonni Tatariston raisi Rustam Minnixanov kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
Eslatib o‘tamiz, “Kelajak o‘yinlari” – bellashuvlar bir vaqtning o‘zida sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. U joriy yilning 21-fevral kunidan 3-mart kuniga qadar davom etadi.
Turnirda 100 dan ortiq mamlakatdan qariyb 300 ta jamoa, shu jumladan, O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda. O‘zbekistonliklar fijital-xokkey, virtual velopoyga, sport dasturlash kabi yo‘nalishlarda kuch sinashadi.