TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklaridagi (BAA) yirik kutubxonalar va ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish loyihasi yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston bosh konsuli Kamol Ikromov BAA Madaniyat vazirligining Dubaydagi boshqarmasi vakili Anvar G‘olam Muhammad Abdulloh bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida BBAda o‘zbek madaniyati markazlarini ochish, birgalikda madaniy tadbirlar tashkil etish, shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar BAAdagi yirik kutubxonalar va ta’lim muassasalarida O‘zbekiston bo‘limlarini ochish va kelajakda o‘zbek tilini o‘qitish loyihasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ham muhokama qilishdi.
“Uchrashuv yakunida Bosh konsulxona tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining ilmiy markazlari, universitet va yirik kutubxonalari ilmiy bazasini boyitish maqsadida o‘zbek tilidagi adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.