BAA kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindidan muqobil energiya olishga yordam beradi

Abu-Dabining chiqindilarni boshqarish sohasidagi eng yirik kompaniyasi Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi chiqindi poligonlari hamda chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini o‘rganadi.
Sputnik
TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindini qayta ishlash va undan muqobil energiya olishni maqsad qilgan loyiha ustida ishlamoqda, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Abu-Dabining chiqindilarni boshqarish sohasidagi eng yirik “Tadweer” kompaniyasi direktori Ali al-Dhaheri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Tadweer" bilan amalga oshiriladigan loyiha loyihaning ahamiyati shundaki, qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish orqali ularning hajmi kamaytiriladi va kimoviy moddalar zararsizlantiriladi. Shu bilan birga, chiqindilarni yoqish natijasida muqobil energiya ishlab chiqarish va ikkilamchi moddiy resurslarni ajratib olish imkoniyati yaratiladi", — dedi Abduhakimov.

Uchrashuv davomida chiqindilarni yig‘ish, monitoring tizimini joriy etish, “yashil” energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

“Tez orada loyihaning amaliy qismiga o‘tamiz. Dastlab Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi chiqindi poligonlari hamda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari faoliyatini o‘rganamiz, shart-sharoitlarni ko‘zdan kechiramiz. Hamkorligimiz har tomonlama samarali bo‘lishidan manfaatdormiz”, — dedi Ali al-Dhaheri.

Eslatib o‘tamiz, Dubayda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP28) doirasida “Tadweer” kompaniyasi bilan memorandum imzolangan. Memorandum chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy innovatsion ekologik toza texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishni nazarda tutadi. Loyiha tozalanmagan chiqindilarni poligonlarga joylashtirishni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, atmosferaga issiqxona gazlari va zaharli organik moddalarni chiqarishni kamaytirishga xizmat qiladi.