TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Xitoy O‘zbekistonga hamkorlikda Markaziy Osiyo matematika markazini tashkil etish taklifini berdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.
Xitoy safarida bo‘lib turgan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov Pekin universiteti kengashi raisi Xao Ping bilan uchrashdi. Unda Pekin universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov Pekin Universiteti Kengashi raisi Xao Ping bilan uchrashdi.
© Ministerstvo visshego obrazovaniya, nauki i innovatsiy respubliki Uzbekistan
Karimovning qayd etishicha, xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi filiallari soni 30 dan oshdi.
U Pekin universitetining filialini respublikada ochish taklifini ilgari surdi.
Xao Pingning so‘zlariga ko‘ra, Pekin universitetining xorijiy davlatlarda hozirgacha birorta filiali mavjud emas. Bu amaliyotni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
“O‘z navbatida u o‘zbek matematika maktabining dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida katta nufuzga ega ekanini inobatga olgan holda, O‘zbekiston-Xitoy Xalqaro Markaziy Osiyo matematika markazini tashkil etish taklifini berdi. Shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi kadrlar yetishmovchiligini inobatga olib, O‘zbekiston-Xitoy muhandislik maktabini ochish ham ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishiga xizmat qilishini qayd etdi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston tomoni Pekin universiteti qoshida O‘zbek tili markazini tashkil etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon etdi. Mazkur markazga o‘zbek filolog-olimlari, pedagog-mutaxassislarni taklif etish, markazga uslubiy yordam berishga tayyorligini bildirdi.