O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilindi

2026 yilgacha tadbirkorlarning O‘zbekistonga olib kiradigan ayrim tovarlari bojxona bojlari to‘lanishidan ozod etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilindi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, shu yilning 1-martidan 2026-yil 1-martgacha tadbirkorlar tomonidan O‘zbekistonga olib kiriladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojlari to‘lanishidan ozod etiladi.
Quyidagilar bojxona bojidan ozod qilindi:
mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari va boshqa materiallar;
cho‘milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to‘lov-ma’lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
turizm markazlarida joylashgan zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do‘konlari faoliyatini tashkil qilish uchun kerak bo‘ladigan qurilish (rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar.
Shuningdek, Mo‘ynoq va Zomin aeroportlariga parvozlar amalga oshirilganda 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi. Yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bog‘liq xarajatlari budjet hisobidan qoplab beriladi.
Mehmonxona va turizm xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat aktivlarini savdoga chiqarishda xarid to‘lovlarini, miqdoridan qat’i nazar, 5-yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutiladi. Shuningdek, 3 oydan ortiq muddat sotilmasdan turgan aktivlarning boshlang‘ich bahosini 30 foizgacha pasaytirish, zarur hollarda, balans (qoldiq) qiymatida sotish choralari ko‘rib boriladi.

“Zomin”, “Chimon” va “Amirsoy” hududida boj olinmaydigan yirik savdo komplekslari barpo etiladi

Farmonga ko‘ra quyidagilar barpo qilinadi:
turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat bo‘lgan turizm markazlari;
“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Chimon” xalqaro umummavsumiy kurorti va “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort zonasi hududida boj olinmaydigan (“duty free”) va yirik xalqaro brendlarning savdo do‘konlaridan iborat bo‘lgan yirik savdo komplekslari (“Luxury tourism village”).
Shu yildan xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Turizm vakillari biriktiriladi. 2024-yil 1-oktabrgacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, 2024-yildan:
turizm namoyishi obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi.
respublikadagi turizm namoyishi obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi Turistik yo‘nalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestri yuritiladi.
har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamg‘armasi 2 million AQSh dollari bo‘lgan Xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“SILK UZBEKISTAN FASHION WEEK”) o‘tkaziladi.
milliy zargarlik mahsulotlari do‘konlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi.
“To‘rt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar o‘tkaziladi.
Endi O‘zbekistonning kurort zonalarida zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar sotiladi