TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ko‘mir qazib chiqarish hajmi 22 foizga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan geologiya sohasida qilingan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimotda ma’lum qilindi.
Aytilishicha, so‘nggi yillarda geologiya sohasiga yiliga 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida 31 ming kvadrat kilometr yangi hududlar o‘rganildi.
Xususiy sektor uchun yaratilgan imkoniyatlar evaziga noruda konlarga investorlar jalb qilindi. Hozirda sohada 1 milliard 700 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Lekin sohada hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Konlar va ularni o‘zlashtirish ko‘lamini kengaytirish mumkin.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Marrani katta olib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Sohaga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalar jalb qilishni davom ettirish, bu orqali geologik qidiruvlar va qazib olish natijadorligini oshirish vazifalari qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.
Aholi, ijtimoiy soha va sanoat tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida, boyitish chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.