TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) noma’lum epidemiyaga oldindan jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV )xabar berdi.
Aytilishicha, COVID-19 pandemiyasi insoniyat uchun saboq bo‘ldi. Hozir koronavirus bilan kurashish tajribasi bor. Ammo qurbonlar ko‘p bo‘ldi va hamon kasallik minglab bemorlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kelgusida boshqa patogenlar ham paydo bo‘lishi ehtimoli katta. Atrof-muhitdagi o‘zgarishlar, ekologik muammolar hamda biologik qurollanish avj olishi buning asosiy omili sifatida baholanyapti.
Shu bois JSST ekspertlari “X” xastaligiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish tarafdori. Chunki noma’lum epidemiyaning istalgan paytda paydo bo‘lish xavfi mavjud.
Qayd etilishicha, “X" kasalligi koronavirusdan 20 barobar xavfliroq asoratlarni keltirib chiqishi mumkin. Shu sababli JSST barcha potensial xavfli patogenlar uchun virusga qarshi preparatlarni oldindan yaratish zarur, degan xulosada.
“Klinik sinovlarga imkon qadar tezroq kirishilsa, epidemiya paytida tajribalarning ikkinchi bosqichi uchun ixtiyorimizda dorilar mavjud bo‘ladi”, — deyiladi JSST xabarida.
Shu sababli 2022-yil noyabr oyida JSST noma’lum patogenni o‘rganish uchun 300 ga yaqin ekspertlar guruhini tadqiqotlarga jalb qilgan.