Rossiya O‘zbekistonga baliq ovlash uchun kvota hajmlarini oshiradi

Baliqchilik Federal agentligi vakillari O‘zbekbaliqsanoat uyushmasi o‘rtasida muzokaralar olib borildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekistonga Rossiyadan mintay baliqlarining 50 ming tonnalik yillik ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida Rossiya Federatsiyasining "Baliqchilik Federal agentligi" vakillari hamda "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi o‘rtasida muzokaralar olib borildi.
Unda O‘zbekiston uchun Rossiyaning iqtisodiy zonalarida baliq ovlash kvotasini ajratish masalalari hamda bu borada O‘zbekistonning qo‘shma korxona tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Shuningdek, 2021-yilda Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida imzolangan amaldagi kelishuv ijrosini ta’minlash hamda Rossiyaning iqtisodiy zonalarida baliq ovlash kvotasi ajratish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv imzolanishi aytib o‘tildi.

“O‘zbekiston tomonidan so‘ralgan 50 ming tonna mintay va 20 ming tonna seld balig‘ini ovlash uchun kvota hajmlarini oshirish uchun mamlakatdagi ushbu mahsulotlarga mavjud ichki talabdan kelib chiqib bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab olindi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga rasmiy tashrifi doirasida baliq ovlash uchun kvotalar ajratishni ishlab chiqish va keyinchalik O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yiliga 50 ming tonna mintay balig‘ini yetkazib berish ishlarini amalga oshirish topshirig‘i belgilangan.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonga dengiz mahsulotlarini olib kelishni yanada samarali tashkil etish, aholini sifatli va arzon dengiz mahsuloti bilan ta’minlash va dengiz mahsulotini iste’molini bog‘cha va maktablarda keng targ‘ib etish maqsadida, Rossiyaning "Baliqchilik Federal agentligi" bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.