TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi qaytarib beriladigan mahsulotlar ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Shunga ko‘ra, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda QQS summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga quyidagilar kiritildi:
un;
shakar;
dori vositalari va tibbiy xizmatlar.
Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish oyiga BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan xaridlar summasi doirasida amalga oshirilishi belgilandi.
Shuningdek, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:
Jismoniy shaxslar tomonidan bir oy davomida sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining BHMning 60 baravaridan oshmagan qismidan 1 foizi ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda qaytarilishi belgilandi.
Ilgari ma’lum bir qiymat belgilanmagan edi.