TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Malayziyaning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Fraser & Neave Holdings BHD – F&N" kompaniyasining yangi va xalqaro bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Patrik Xeng bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda milliy o‘zbek mahsulotlarini ishlab chiqarilishini diversifikatsiya qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Patrik Xeng kompaniya faoliyatini kengaytirish va xalqaro bozorlarga kirib borishda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonning o‘rni muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.
"Malayziya tomoniga O‘zbekistondagi mavjud xom ashyo bazasi, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda "F&N" kompaniyasi ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi", — deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakuni 2024-yil yanvar oyida "F&N" kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.
"Fraser & Neave (F&N)" kompaniyasi 1883-yilda Singapurda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish korxonalari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri, Ipox, Malakka, Seremban va Penang shtatlarida joylashgan. Korxona oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda kompaniya tomonidan 31 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va jahonning 93 ta mamlakatlariga eksport qilinyapti.