TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Bugundan boshlab migrantlar Rossiyada ish boshlagani haqida Ichki ishlar vazirligini xabardor qilishlari kerak. Bu haqda vazirlikning tegishli hujjatida nazarda tutilgan.
O‘tgan yili Rossiya Ichki ishlar vazirligi xorijliklar Rossiyada ishga joylashish yoki patent olishda to‘ldirishlari kerak bo‘lgan xabarnoma shaklini tasdiqlagan edi. Bugundan hujjat kuchga kiradi.
"Patent olgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirganligi to‘g‘risida xabarnoma patent berilgan kundan boshlab ikki oy ichida patent bergan Rossiya Ichki ishlar vazirligining viloyat va tuman darajasidagi hududiy organiga taqdim etiladi”, — deyiladi hujjatda.
Xabarnoma rus tilida qo‘lda yoki kompyuterda to‘ldirilishi mumkin. Shuningdek, unga mehnat shartnomasining nusxasi ham ilova qilinishi kerak. Shundan so‘ng, hujjatlar Ichki ishlar vazirligining hududiy boshqarmasiga topshirilishi lozim.