TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. "Tatneft", Saneg i "Lukoyl" kabi xorijiy investorlarga ko‘proq yoqilg‘i quyish shoxobchalarini qurish imkoniyati beriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar, xususan, “Tatneft” va “Lukoyl” tomonidan yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmoqlarini rivojlantirish respublikada avtomobil yoqilg‘isi narxini barqarorlashtirish va sifatini yaxshilash imkonini beradi.
"Bu yuqori sifatli avtomobil yoqilg‘isi va ichki bozorda benzin narxining barqarorligiga erishish imkonini beradi. Xorijdan benzin olib kiruvchi subyektlar faoliyatini kengaytirish hisobiga iste’mol bozori muvozanati ta’minlanadi", — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, shu yildan benzin bozorida raqobat kuchayadi.
Ma’lumot uchun, "Tatneft" 2019-yildan buyon O‘zbekistonda uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochdi – Toshkent, Samarqand shaharlari va Toshkent viloyati.
“Lukoyl” 2018-yilda O‘zbekiston poytaxtida yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochgan va avvalroq respublikada franchayzing asosida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirishini e’lon qilgan edi. Xususan, Toshkent va undan tashqarida joylashgan oltita stansiya bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga neft xomashosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. 2022-yilda "O‘zbekneftgaz" 7 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalarini "Tatneft"ga berishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
O‘tgan yilning avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga qadar 400 ming tonna benzin ishlab chiqarish va 120 ming tonna import qilish zarurligini qayd etgan edi.