TOShKENT, 28 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalarini ishga tushirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Prezident mamlakatning oltita hududida 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Investitsiya loyihalarning hamkorlari:
“Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Al-Ramahiy;
“China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun;
“China Energy International Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Szesan;
“China Gezhouba Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Saodan;
“SEPCO III”, “Dongfang Electric Corporation” va boshqa kompaniyalar rahbarlari.
Qayd etilishicha, respublikada ilk bor 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan, davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 megavattlik quyosh stansiyalari barpo etildi. O‘tgan davrda ular 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqardi.
O‘zbekiston prezidenti shavkat Mirziyoyev umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalarini ishga tushirdi
Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt bo‘lgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasi yakunlandi. Shuningdek, Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.
O‘zbekiston prezidenti shavkat Mirziyoyev umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalarini ishga tushirdi
Bundan tashqari, Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryoda umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.
“Ushbu qurilish ishlari juda qisqa fursatda – 9 oyda bitkazilgani diqqatga sazovor”, –deyiladi xabarda.
Jami qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston prezidenti shavkat Mirziyoyev umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalarini ishga tushirdi
“Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlayapmiz. Xorijiy kompaniyalar bilan sermahsul hamkorligimizni tobora kengaytirib boramiz", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aytilishicha, 2030-yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirishga xizmat qiladi.