O‘zbekistonda Rossiya tovarlari arzonlashishi mumkin

Rossiya hukumati do‘st mamlakatlarga eksport bojlarini kamaytirish huquqini oldi.
Sputnik
TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Rosssiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya hukumati vakolatlarini kengaytiruvchi, jumladan, do‘st mamlakatlarga tovarlar eksporti bo‘yicha bojlarni kamaytirish va nolga tushirish bo‘yicha qonunni imzoladi, deb yozadi RIA Novosti.
Hujjat bilan “Bojxona tariflari to‘g‘risida”gi va “Tashqi savdo faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish asoslari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritiladi.

“Vazirlar Mahkamasiga eksport bojlarini olti oygacha pasaytirish va bir yilgacha bo‘lgan muddatga tarif kvotalari, ya’ni tovarlarni do‘st davlatlarga ma’lum hajmda olib chiqishda bojxona to‘lovlari stavkalarini pasaytirilgan yoki nolga tenglashtirish huquqi berilgan”, — deyiladi hujjatda.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, hukumat do‘st mamlakatlarga don, o‘g‘it va xomashyo yetkazib berish hajmini oshirishni rag‘batlantirish uchun tarif imtiyozlarining maxsus moslashuvchan vositasidan foydalanishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi eksport boji stavkalarini hisoblash uchun tovarlar narxlarini monitoring qilish, shuningdek, tashqi savdo faoliyatining yangi ishtirokchilari o‘rtasida yetkazib berish bo‘yicha tarif kvotalari taqsimoti usuli va tartibini belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, uning vakolatlariga kompaniyalardan import yoki eksport litsenziyalarini berish yoki bekor qilish kiradi.
Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda uzoq muddatli ishlashdan manfaatdor — RF savdo vakili