Malayziyaning yirik kompaniyasi vakillari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Muloqot chog‘ida Malayziya tomoniga O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, kafolatlar, imtiyozlar va preferensiyalar hamda respublikaning iqtisodiy resurs va investitsiyaviy salohiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Malayziyaning "Fraser & Neave Holdings BHD – F&N" kompaniyasining yangi va xalqaro bozorlari bo‘yicha ijrochi direktori Lai Ming Kong bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Muloqot chog‘ida Malayziya tomoniga O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, kafolatlar, imtiyozlar va preferensiyalar hamda respublikaning iqtisodiy resurs va investitsiyaviy salohiyati bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Lai Ming Kong kompaniya Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri ekanligini, hozirda korxonaning 13 ta filiali Tailand, Myanma, Kambodja, Laos va Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi. Malayziya tomoni, shuningdek, "F&N" kompaniyasining quyultirilgan sut mahsulotlari O‘zbekistonga yetkazib berilayotganini va bu orqali Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyati oshayotganini ta’kidladi.
Ushbu omillarni inobatga olgan holda xorij tomoniga O‘zbekistonda "F&N" kompaniyasi ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi berildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistondagi salohiyatli tadbirkorlar bilan birgalikda qo‘shma loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida 2024-yil yanvar oyida Lai Ming Kong boshchiligidagi "F&N" kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.
"Fraser & Neave" (F&N) kompaniyasi 1883-yilda Singapurda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarish korxonalari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri, Ipox, Malakka, Seremban va Penang shtatlarida joylashgan. Kompaniya oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 31 turdagi mahsulot ishlab chiqaradi va jahonning 93 ta mamlakatiga eksport qilinadi.