Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21-dekabr kuni, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev davlat rahbariga Qirg‘iz respublikasi prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik yuksak darajaga chiqqani va sermahsul tus olganini, shu jumladan parlamentlar, hukumatlar, hududlar, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqot va almashinuvlar ancha faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi ishga tushirildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish hamda ustuvor dastur va loyihalarni, shu jumladan “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.