TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi xabar berdi.
Poytaxtda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ishtirok etdi.
Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
© Ispolkom SNG
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30-yil bo‘ldi. Tomonlar ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarini yuqori darajada saqlab qolish muhimligini ta’kidlashdi.
Vazirlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha ikki mamlakatning muhim global tashabbuslari va takliflarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan amaliyotni yuqori baholashdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va aholi farovonligi darajasini saqlab qolishga qaratilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida transport-logistika, suv-energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirishdagi o‘zaro hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar natijasida vazirlar tegishli Bayonnomani imzolashdi.
Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
© Ispolkom SNG
“Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev janoblari bilan samarali muzokaralardan so‘ng vazirliklarimiz o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha Bayonnomani imzoladik. Hujjatda o‘zaro munosabatlarimizning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusi yilda erishiladigan aniq maqsadlar belgilab olingan”, – deb yozadi vazir Baxtiyor saidov o‘zining Telegram-kanalida.
Uning qayd etishicha, ushbu hujjat yaqin hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.