TOShKENT, 21 dek — Sputnik. O‘zbekiston kelasi yil Belarus va Rossiyada o‘tadigan saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining II yig‘ilishida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston raisligida MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining II yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Rossiya saylov organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining II yig‘ilishi
© SIK Uzbekistana
MDH bosh kotibi o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, Kengash saylov tizimi va qonunlarni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratmoqda.
“Murakkab davrda sayyoramizning ko‘plab davlatlari fuqarolarining nigohi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga qaratildi, u birgalikdagi faoliyatning barcha yo‘nalishlarini osoyishta va tizimli ravishda takomillashtirmoqda, mavjud muammolarni, jumladan, saylov tizimini hal etishning yangi yo‘llarini ochib bermoqda”, — dedi Ilhom Ne’matov.
Yig‘ilishda MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining reglamenti tasdiqlandi.
Hujjat besh bo‘limdan iborat. U kengashning ish tartibi, uning majlislarini tashkil etish va o‘tkazish, kengash ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, qarorlarning ijrosini ta’minlash tartibini belgilaydi.
“2024 yil 25-fevralda bo‘lib o‘tadigan Belarus respublikasi Milliy Assambleyasi Vakillar palatasining deputatlari saylovi hamda 17-martda bo‘lib o‘tadigan Rossiya Federatsiyasi prezidenti saylovini monitoring qilishda kengash a’zolarining ishtiroki muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.
Kun tartibiga yoshlarni saylov jarayonlariga jalb etish masalasi ham kiritildi.
Qayd etilishicha, kengashning navbatdagi yig‘ilishi 2024-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkaziladi.