O‘zbekiston va Xitoy parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Xitoy norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantiradi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Chjan Sinvey boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Unda delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda quyi palata faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berildi.
Chjan Sinvey o‘z so‘zida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.
Aytilishicha, bugungi geosiyosiy va geostrategik murakkab vaziyat mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashni taqozo etmoqda. Bu yo‘lda ikki mamlakatning uzviy hamkorligi ustuvor ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
“Chjan Sinveyning fikricha, ikki davlat taraqqiyotining muhim bosqichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi islohotlarni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar muhim o‘rin tutadi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda shuningdek, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib olishdi.
BRMini amalga oshirish jahon taraqqiyotining borishini belgilaydi — forumdagi asosiy fikrlar