MDH mamlakatlari madaniy merosi virtual muzeyi tashkil etildi – Aripov

Abdulla Aripov Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 dek — Sputnik. MDHga a’zo davlatlar madaniy merosi virtual muzeyini yaratish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ma’lum qildi.
Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“MDHga a’zo davlatlar madaniy merosi virtual muzeyini yaratish bo‘yicha noyob loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi”, – dedi Aripov Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.
Bunday muzeyni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli edi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad MDH davlatlarining moddiy madaniy merosini internet tarmog‘idagi yagona virtual muzeyda birlashtirishdan iborat.
O‘zbekiston bosh vaziri, shuningdek, MDH davlatlari vakillariga O‘zbekistondagi XV Toshkent xalqaro kinofestivalidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Unga ko‘ra, qo‘shma badiiy filmlar suratga olish yaxshi an’anaga aylangan va VGIKning Toshkent shahridagi filialida Rossiya va Hamdo‘stlik mamlakatlari kino yulduzlari ishtirokida muntazam ravishda mahorat darslari, uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
“Biz deyarli barcha hamkorlarimiz bilan mamlakatlarimiz madaniyati, tarixi va zamonaviy yutuqlarining yorqin tomonlarini namoyish etgan qator ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazganimiz quvonarlidir”, –dedi u.
U bu yil Ozarbayjon va Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari, respublikada esa Qozog‘iston va Turkmaniston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini, “Rus fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar, Qirg‘iziston va Tojikiston teatrlari bilan o‘zaro gastrol safarlari ham muntazam o‘tkazib kelinayotganini eslatdi.
Yig‘ilish so‘nggida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida qo‘shma bayon imzolandi.
Qirg‘iziston Bosh vaziri Aqilbek Japarov raisligida o‘tgan yig‘ilishda Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Idoyat o‘g‘li, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Armaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoran, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Xojamirat Geldimiradov hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.