TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 15-dekabr kuni Qatar Davlatining Qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha markazi Vasiylik kengashi raisi Ali Muhsin al-Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida rais al-Marriy davlat rahbariga Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak muhim xalqaro tadbir – Qatar Amiri tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda ulkan yutuqlar uchun” global mukofotini topshirish marosimini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Mirziyoyev 15-dekabr kuni, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturining natijadorligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarning borishi va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, xorijdagi yetakchi kompaniya va moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayoni va mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.