“Parrandasanoat” uyushmasi va Rossiya kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi — batafsil

“Parrandasanoat” uyushmasi har yili an’anaviy tarzda “O‘zbekiston parrandachilarining xalqaro forumi”ni tashkil etib kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Parrandasanoat” uyushmasi va Rossiyaning “Techno” kompaniyasi o‘rtasida ikki tomonlama memorandum imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, endilikda O‘zbekistondagi parranda fabrikalarida o‘rnatilgan eski asbob-uskunalar eng zamonaviylariga almashtiriladi, deya xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
“Parrandasanoat” uyushmasi har yili an’anaviy tarzda “O‘zbekiston parrandachilarining xalqaro forumi”ni tashkil etib kelmoqda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan VI forumda asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqaruvchilar tajribasini oshirish, sohaga xorijiy innovatsiyalarni jalb qilish, dunyo miqyosida parrandachilik yo‘nalishidagi yangiliklar xususida bo‘ldi.
Forumda yigirmaga yaqin mamlakatdan 100 dan ortiq yirik parrandachilik korxonasi vakillari, ilg‘or xorijiy kompaniyalar, 400 dan ortiq mahalliy tadbirkor o‘rtasida muzokaralar natijasida kelishuvlarga erishildi.
To‘rt bosqichda tashkil etilgan forumda Fransiya, Vengriya, Finlandiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Indoneziya, Germaniya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan 30 nafar ekspert ma’ruza qildi.
Forum doirasida xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida uchrashuvlar, xizmat safarlari hamda turli tadbirlar tashkil etildi. Ularga avvalgi anjuman doirasida tayyorlanib, 2023-yildagi axborotlar bilan boyitilgan “O‘zbekiston parrandachilari ma’lumotnomasi” taqdim etildi.
Yangi kelishuvlar platformasi vazifasini bajargan anjumanda O‘zbekistonning eksport-import salohiyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazuvchi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.