TOShKENT, 14 dek — Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi operativ tayyorgarlik tadbirlarining sonini 1,2 barobarga ko‘paytirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida qo‘shinlarning doimiy jangovar shayligi, fuqarolar murojaatiga e’tibor muhokama qilindi.
Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyevning qayd etishicha, vazirlik qo‘shinlarining doimiy jangovar shayligini saqlash maqsadida joylarda 1000 dan ortiq to‘satdan tekshiruvlar real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda o‘tkazildi.
“Buning natijasida operativ tayyorgarlik tadbirlarining soni o‘tgan yilga nisbatan 1,2 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy pedagogika va psixologiya mutaxassisliklari bo‘yicha 2-yillik maxsus sirtqi ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shinlarni yangi namunadagi qurol-aslaha va texnikalar bilan butlash, modernizatsiya qilish va ta’mirlash ishlari davom ettirildi.
Shu yilning 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4 074 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 826 tasi ijobiy hal etilgan, 2 005 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 243 tasi o‘rganib chiqilmoqda.
“Kelib tushayotgan murojaatlarda asosan harbiy xizmatchilarning oilaviy sharoiti bo‘yicha bir joydan boshqa joyga o‘tkazish, harbiy xizmatga tiklash, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish, uy-joy masalalari, oliy harbiy ta’lim muassasalari harbiy kafedralariga o‘qishga kirish, o‘tkazish va qaytadan tiklash hamda nafaqa va ijtimoiy ta’minotning boshqa masalalari ko‘tarilgan”, deya qo‘shimcha qilindi.