TOShKENT, 13 dek — Sputnik. O‘zbekistonda Grippning A turi ko‘proq qayd etilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Poytaxtda “Mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, gripp va O‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) kasalliklarini oldini olish maqsadida olib borilayotgan ishlar” mavzuyida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaning hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalariga ko‘ra grippning A (H3N2) turi aniqlanmoqda.
So‘nggi haftada respublika aholisi o‘rtasida O‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish o‘tgan haftaga nisbatan 25,5% ga kamaydi.
“So‘nggi haftada respublika aholisi o‘rtasida O‘RI bilan kasallanish o‘tgan haftaga nisbatan 25,5% ga kamaygan. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich 25,4% ga kamayganligi kuzatildi”, — deydi Nurmat Atabekov.
Qayd etilishicha, O‘RI kasalligi ko‘rsatkichlarida epidemik bo‘sag‘adan 34,3 %ga pastligi kuzatilmoqda.
Bolalarning o‘tkir respirator infeksiya bilan kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganida: kasallanishni eng yuqori ko‘rsatkichi 0-1 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olingan bo‘lib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368 nafarni tashkil etmoqda.
“Bunga O‘RI bilan kasallangan bemorlarni alohida emasligi, bemor bolalarni ta’lim muassasalariga yuborish hamda shifokor bilan maslahatlashmasdan o‘zboshimchalik bilan davolanish asosiy sabablar bo‘lmoqda”, — dedi Nurmat Atabekov.
Gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar bilan og‘rigan bemorlarni davolash maqsadida respublika bo‘yicha 8838 ta bemor o‘rinlari yaratilgan. Ularda 6 ming nafar bemor davolanmoqda.
Ma’lumot uchun, A grippi (H3N2) yoki Gonkong grippi tez kechadigan o‘tkir respirator kasallikdir. Infeksiyaning birinchi tarqalishi 1960-yilda Gonkongda qayd etilgan. Simptomlar odatda infeksiyadan 12-48 soat o‘tgach paydo bo‘ladi. Ayrimlar bosh og‘rig‘i va tana og‘rig‘ini his qiladi, quruq yo‘tal va kuchli terlash kuzatilishi mumkin, harorat ko‘pincha 39 darajadan oshadi.