TOShKENT, 13 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat MirziyoyevToshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining (IIBB) Yagona tezkor boshqaruv markazini borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan majmua “Geoinformatsion elektron xarita” dasturi asosida ishlaydi. Unga ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash, transport va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya, Soliq qo‘mitasi kabi idoralarning 55 ta elektron bazasi integratsiya qilingan.
Toshkent shahridagi 10 mingdan ortiq turar va noturar joylardagi 7 ming 300 ta videokuzatuv kameralari ham ulangan.
“Bu jamoat xavfsizligiga mas’ul kuch va vositalarni samarali boshqarish imkonini bermoqda. Jumladan, ko‘cha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlar onlayn kuzatib turiladi va vaziyatga qarab yo‘naltiriladi. Natijada hodisa joyiga 3-5 daqiqada yetib boriladi”, — deyiladi xabarda.
Bular “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla” maqsadlarini ta’minlash, huquqbuzarliklarni erta aniqlashda muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, o‘tgan davrda Toshkentda sodir qilingan 925 ta jinoyat tezkor fosh etilgan.
Yagona tezkor boshqaruv markazida “E-manzil”, “Shakl-1”, “E-mehmon”, “Kadastr” dasturlaridan ma’lumot olish ham yo‘lga qo‘yilgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘qigan yoshlar tomonidan “Qalqon” nomli tizim yaratilgan.