Iroq o‘zbek mahsulotlarining mamlakat bozoriga chiqishidan manfaatdor ekanligini bildirdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Iroq Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Iroq O‘zbekiston mahsulotlarining mamlakat bozoriga chiqishidan manfaatdor ekanligini bildirdi. Bu haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Iroq Bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, Iroq tomoni O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va o‘zaro ustuvor sohalarda hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

"Iroq tomoni O‘zbekiston mahsulotlarining Iroq bozoriga chiqishi va O‘zbekistondan import turlarini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi", —deyiladi xabarda.

Uchrashuvda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali ham muhokama qilindi.
Shuningdek, Bag‘dod shahrida O‘zbekiston va Iroq Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.
"Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi", — deyiladi xabarda.
Tomonlar mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirishga tayyor ekanliklarini hamda qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.