TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev yozgan memuar asarning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchun atalgan nusxasi topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
6 dekabr kuni Qozog‘iston birinchi prezidentining matbuot kotibi Aydos Ukibay tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasida o‘tgan uchrashuvda mehmon Shavkat Mirziyoyevga Qozog‘iston birinchi prezidentining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, Aydos Ukibay Nursulton Nazarboyevning “Mening hayotim. Qaramlikdan ozodlikka” nomli memuarlar kitobining O‘zbekiston prezidenti uchun atalgan muallif dastxati qo‘yilgan nusxasini topshirdi.
Tarixiy jarayonlar va shaxsiy munosabatni o‘zida mujassamlashtirgan kitobda Nursulton Nazarboyev o‘zining hayotiy yo‘li, mamlakatning shakllanish va rivojlanish davri to‘g‘risidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Respublikaga rahbarlik qilgan oxirgi o‘n yilliklardagi voqealarga baho beradi.
Kitob qahramonlari orasida muallif siyosiy maydonda kesishgan taniqli siyosatchilar ham bor. Qozog‘istonning birinchi prezidenti davlat va hukumatlar rahbarlari, boshqa mashhur shaxslar bilan munosabatlarini ta’riflaydi.
Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston yetakchisi, “atoqli siyosiy arbob Shavkat Mirziyoyev"ni alohida qayd etadi. Kitobda Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan, O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan islohotlar yuksak baholangan. Qozog‘iston bilan har tomonlama aloqalar yanada jadal rivojlana boshlangani, Shavkat Mirziyoyev prezident sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq qardosh mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.