Putinning BAAga amaliy safari qanday o‘tdi

BAAda birinchi rus maktabi ochildi hamda birinchi pravoslav cherkovi uchun yer ajratishga ruxsat berildi.
Sputnik
TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Qasr al-Vatan” saroyida tantanali kutib olindi. Uning sharafiga BAA osmonini harbiy samolyotlar Rossiya bayrog‘i ranglariga bo‘yadi, otliq va piyoda faxriy qorovul saf tortdi va zambaraklardan salyut otildi.
Putin ushbu e’tiborni javobsiz qoldirmadi va mashinadan tushishi bilan BAA prezidenti Al Nahayonga “Qanday chiroyli” degan so‘zlar bilan minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya prezidenti BAA yetakchisini kuni kecha nishonlangan mamlakat tashkil etilganining 52-yilligi bilan tabrikladi va SSSR BAAni birinchilar qatorida tan olganini va o‘tgan davr mobaynida munosabatlar doimi yaxshi bo‘lganini eslatib o‘tdi.
Undan tashqari, Putin BAA arab dunyosida Rossiyaning eng yirik hamkori ekanini ta’kidlab, o‘tgan yil davomida o‘zaro savdo hajmi 67%ga o‘sganini va bu yil undan ham ko‘p bo‘lishi kutilayotganini aytib o‘tdi.
Rossiya prezidenti BAA rahbariga mamlakatda birinchi rus maktabi ochilishi hamda birinchi pravoslav cherkovi uchun yer ajratishga ruxsat berilgani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda Isroil-Falastin mojarosiga alohida o‘rin ajratildi.
Shuningdek, Putin Al-Nahayonga Ukrainadagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot berdi.
Rossiya va BAA kelgusi yilda BRIKS tizimida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Rossiya prezidenti BAAga tashrifini yakunlab, Saudiya Arabistoniga uchib ketdi.