TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Farg‘onada havo sharlari festivalini o‘tkazish imkoniyatlari o‘rganilmoqda, deya xabar berdi Ekologiya qo‘mitasi.
Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida joylashgan "Global Media" aeroklubi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyati hududida havo sharlari festivalini o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Aeroklub rahbari Andrey Yermolayevning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining iqlim sharoitlari havo shari uchirish uchun maqbul joy. Viloyat hududida bunday tadbirni o‘tkazilishi turizmni rivojlantirish hamda viloyatni xorijga tanitish nuqtayi nazaridan samarali bo‘lishi ta’kidlandi.
Aeroklub tomonidan Qozon shahrida 4 ta aerostat bilan havo shari parvozlari tashkil etilgan.
Muzokaralar yakunida uchish sohasini tartibga soluvchi idoralar bilan Farg‘onada havo sharlarida parvozlarni tashkil etish bo‘yicha maslahatlashuvlardan so‘ng muzokaralarni yaqin kunlarda davom ettirishga kelishib olindi.