TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Oxirgi uch yil ichida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Eron o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ikki baravar oshdi. Bu haqida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) savdo vaziri Andrey Slepnev Tehronda bo‘lib o‘tayotgan EURASIA EXPO ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasida ma’lum qildi.
“Har ikki tomonning tadbirkorlik subyektlari hamkorlik uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashdan manfaatdor ekanini ko‘rib turibmiz. Bu so‘rovga javobimiz shuki, shu oyning oxirigacha to‘liq formatdagi bitim imzolanadi, unda deyarli barcha savdo bojsiz amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi, shuningdek, tarifsiz to‘siqlar ham qisqartiriladi”, — dedi u.
Slepnev, shuningdek, "savdoni yana ikki barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud"ligiga ishonch bildirdi. U 2019-yil oktabr oyidan boshlab YeOII va Eron o‘rtasida vaqtinchalik imtiyozli savdo bitimi amal qilishini, unga ko‘ra o‘zaro savdodagi bojlar cheklangan turdagi tovarlar uchun kamaytirilgani yoki olib tashlanganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlarining yalpi ichki mahsuloti 2022-yilda 2603,9 milliard dollarga yetdi va besh yil ichida 6,4 foizga oshdi.