O‘zbekistonning katta hududi chang bo‘ronlarining salbiy ta’siriga uchragan — Aziz Abduhakimov

Dubayda Markaziy Osiyodagi qum va chang bo‘ronlari manbalarini xaritalash va xavfni yumshatish masalasi muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 4 dek — Sputnik. O‘zbekistonning katta hududi chang bo‘ronlarining salbiy ta’siriga uchragan. Bu haqida O‘zbekiston ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Dubaydagi “Dubai Expo” markazidagi "O‘zbekiston" pavilonida "Markaziy Osiyodagi chang bo‘ronlari manbalarini xaritalash va yumshatish" mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish uchun barcha darajadagi kompleks harakatlar, yer bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, ilmiy yondashuv, ilmiy dalillarga tayanish, akademiklar, mutaxassislar va ekspertlarni birlashtirish lozim.
“O‘zbekiston” pavilonida qum va chang bo‘ronlari muammosiga e’tibor qaratayotganimiz bejizga emas. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun o‘ta muhim mavzu, iqlim o‘zgarishi esa bu ekologik hodisani yanada kuchaytirmoqda. Mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iborat bo‘lganligi sababli O‘zbekistonning katta hududi chang bo‘ronlarining salbiy ta’siriga uchragan. Shu sababli muammoning samarali yechimini topish maqsadida olimlar, mutaxassislarni Toshkentda yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University) negizida birlashtirishni maqsad qilganmiz” — dedi vazir.
U qum va chang bo‘ronlarining transchegaraviy tabiatini hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlik zarurligi, qulay moliyalashtirish va resurslarni safarbar qilish kerakligini alohida qayd etdi.
Shu bilan birga, qum va chang bo‘ronlari havo va suv sifatiga, salomatlikka va ekotizimga jiddiy zarar yetkazishi, bo‘ronlarni antropogen manbalarining faol nuqtalarini xaritalash orqali aniqlash muhim ahamiyatga egaligi, xavf ta’sirini yumshatish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlar lozimligi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida yong‘in xavfsizligi sharoitlarini prognozlash, erta ogohlantirish va monitoring qilish tizimlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Bu esa qum va chang bo‘ronlari kuzatiladigan mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ma’lumotlar almashishni qiyinlashtiradi va ekologik muammolarni yumshatish harakatlariga putur yetkazadi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyoning 80 foizdan ortig‘ini cho‘l va dashtlar egallagan. Ular chang va qum bo‘ronlarining muhim tabiiy manbasi hisoblanadi. Biroq bu landshaftlarda iqlim o‘zgarishi va yerdan beqaror foydalanish amaliyoti kuzatilganligi sababli Markaziy Osiyoda qum va chang bo‘ronlarining antropogen manbalari uchun sharoitlar paydo bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Orol dengizining qurishi 100 million tonna chang va zaharli tuz manbayi bo‘lgan 5,5 million gektar sho‘r cho‘lning o‘zlashtirilishiga olib keldi. Hududda melioratsiya ishlari olib borilmoqda, o‘rmonlar maydoni 1,7 million gektarni tashkil etadi.
O‘zbekiston BMT bilan birgalikda chang va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish uchun kurashmoqchi